Ushbu Kelishuv https://help.emaktab.uz/hc/ru/articles/14222341984412 saytidagi “Hujjatlar” bo‘limida joylashtirilgan Foydalanuvchi kelishuvining ajralmas qismi hisoblanadi hamda Tizim doirasida “SI topshiriqlar generatori” pullik xizmatini xarid qilish va undan foydalanish usullari hamda umumiy tartibini belgilaydi.
1. Atamalar
1.1. Tizim (“eMaktab”) — O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun elektron hujjat aylanishi imkoniyatlarini hamda ta’lim jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi ijtimoiy tarmoq orqali o‘zaro aloqa vositalarini birlashtirgan “eMaktab” yopiq axborot tizimi.
1.2. Tizim operatori — O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent sh., Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasi, 42/1-uy manzilida joylashgan “Kundalik” mas’uliyati cheklangan jamiyati.
1.3. “SI topshiriqlar generatori” xizmati — Xizmat foydalanuvchisi tomonidan ko‘rsatiladigan generatsiya parametrlari asosida shakllantiriluvchi savol va javoblar to‘plamidan iborat o‘quv topshiriqlarini yaratishga mo‘ljallangan qo‘shimcha pullik xizmat.
1.4. Servis foydalanuvchisi — “Xodim” profiliga ega bo‘lgan Tizim foydalanuvchisi.
1.5. Generatsiya parametrlari — darslar o‘tkazish uchun o‘quv ssenariylari va topshiriqlarni yaratish uchun zarur bo‘lgan, Tizimning funksional imkoniyatlari doirasida Xizmat foydalanuvchisi tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar.
1.6. Topshiriqlar generatsiyasining amal qilish muddati — Tizim foydalanuvchisi mavjud generatsiyalardan foydalanishi mumkin bo‘lgan davr. Bu davr Xizmat foydalanuvchisi generatsiyalarni xarid qilgan kundan boshlab 1 (bir) oyni tashkil etadi.
1.7. To‘lov xizmati — Tizim operatori tomonidan to‘lovlarni tashkil etish uchun foydalaniladigan, Xizmat foydalanuvchilaridan to‘lovlarni qabul qiluvchi to‘lov agenti tomonidan taqdim etiladigan xizmat yoki Tizim operatorining ixtiyoriga ko‘ra boshqa bir To‘lov xizmati.
2. Umumiy qoidalar
2.1. “Sun’iy intellekt generatori” Servisini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi mazkur Shartnoma Tizim Operatori va ushbu Servisga buyurtma bergan Servis Foydalanuvchisi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi. Servis interfeysidagi “to‘lash” tugmasini bosish orqali Servisga buyurtma bergan Foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga asosan mazkur Shartnoma shartlarini to‘liq hajmda qabul qiladi (ofertani akseptlaydi). Mazkur hujjatga rozi bo‘lmagan taqdirda, Servis Foydalanuvchisi Servisdan foydalanishni boshlamaslik yoki bunday foydalanishni to‘xtatish majburiyatini oladi.
3. “Sun’iy intellekt generatori” servisiga buyurtma berish va to‘lov qilish
3.1. Buyurtmani rasmiylashtirishdan oldin Foydalanuvchiga (Servis tomonidan belgilangan shartlarga qarab) bir yoki bir nechta o‘quv materialini bepul generatsiya qilish imkoniyati taqdim etiladi. “Topshiriqlar sun’iy intellekt generatori” Servisidan keyingi foydalanish, jumladan, navbatdagi generatsiyalar pullik asosda amalga oshiriladi.
3.2. Servis uchun to‘lov Servis Foydalanuvchisi tomonidan To‘lov servisidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
3.3. To‘lovni amalga oshirishda Foydalanuvchi To‘lov servisining to‘lov tartibi va usullari bo‘yicha ko‘rsatmalariga rioya qilishi shart.
3.4. Pul mablag‘larini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni, jumladan, banklar va To‘lov servisining komissiyalarini Foydalanuvchi mustaqil ravishda va o‘z hisobidan to‘laydi.
3.5. Banklar va To‘lov servisi tomonidan pul mablag‘lari o‘tkazilganini tasdiqlash uchun beriladigan kassa cheklari va boshqa hujjatlar Foydalanuvchi tomonidan to‘lov qilinganining tasdig‘i bo‘lib xizmat qiladi.
3.6. Foydalanuvchi pul mablag‘larini mustaqil ravishda va o‘z nomidan to‘laydi.
4. Kelishuvni bajarishdan voz kechish
4.1. Servis Foydalanuvchisi Tizim Operatorining amalda qilgan xarajatlarini to‘lab berish sharti bilan, tuzilgan Kelishuvni (haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini) bajarishdan voz kechish huquqiga ega.
4.2. Servis Foydalanuvchisi tomonidan tuzilgan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini (buyurtma qilingan va to‘lovi amalga oshirilgan Servisni) bajarishdan voz kechish quyidagi tartibda amalga oshiriladi: Servis Foydalanuvchisi Tizimning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga team@emaktab.uz elektron pochta manzili orqali Kelishuvdan voz kechish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi. Tizim Operatori Servis Foydalanuvchisining shaxsini tasdiqlash uchun unga Servisga buyurtma berish va uning to‘lovi yuzasidan savollar berishga haqli.
4.3. Servis Foydalanuvchisi Kelishuvni bajarishdan voz kechgan taqdirda, voz kechish vaqtigacha ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun pul mablag‘lari Servis Operatori tomonidan Foydalanuvchining voz kechish haqidagi bildirishnomasi olingan paytdan boshlab 30 (o‘ttiz) ish kuni ichida, bank va to‘lov tizimiga qarab, to‘lov amalga oshirilgan karta/hisobvaraqqa qaytariladi.
5. Javobgarlik
5.1. Servis Foydalanuvchisi Tizim Operatori bilan ushbu Kelishuvni tuzish orqali Servis ishi natijasi algoritmlar hamda Foydalanuvchi tomonidan taqdim etilgan Generatsiya parametrlari asosida avtomatik tarzda yaratilishini tan oladi. Tizim Operatori yaratilgan topshiriqlarning sifati, mazmuni, pedagogik va metodologik jihatdan puxtaligi uchun javobgar bo‘lmaydi, biroq Servisning texnik jihatdan ishlash imkoniyatini ta’minlash va generatsiya natijasini Servis Foydalanuvchisiga yetkazish majburiyatini oladi. Yaratilgan topshiriqlar yordamchi vosita bo‘lib, o‘qituvchining kasbiy-uslubiy tayyorgarligi o‘rnini bosa olmaydi.
5.2. Foydalanuvchi o‘zi tanlagan to‘lov usullaridan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzmagan holda foydalanish huquqiga ega ekanligini kafolatlaydi. Tizim Operatori Servis Foydalanuvchisining o‘ziga tegishli bo‘lmagan to‘lov vositalaridan foydalanishi natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar uchun javobgar emas. Agar Servis Foydalanuvchisi tomonidan noqonuniy harakatlar sodir etilganiga shubha paydo bo‘lsa, Tizim Operatori holatlarga oydinlik kiritilguniga qadar Servisni taqdim etishni bir tomonlama to‘xtatib turish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
5.3. Tizim Operatori Servis Foydalanuvchisi tomonidan Servis uchun to‘lov shartlarining to‘g‘ri bajarilishi, jumladan, Tizim Operatoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar sababli yuzaga kelgan har qanday moliyaviy yo‘qotishlar uchun javobgar bo‘lmaydi.
5.4. Tizim Operatori o‘z nazorati doirasidan tashqaridagi holatlar, jumladan, aloqa liniyalaridagi uzilishlar, uskunalarning nosozligi va shu kabilar sababli Servisni taqdim eta olmaslik uchun javobgar emas. Tizim Operatori Kelishuv shartlarining buzilishi yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari, xususan: davlat hokimiyati organlarining harakatlari, yong‘in, suv toshqini, zilzila, boshqa tabiiy ofatlar, elektr energiyasining yo‘qligi va/yoki kompyuter tarmog‘idagi nosozliklar, ish tashlashlar, fuqarolik tartibsizliklari, ommaviy g‘alayonlar, qonun hujjatlarida yengib bo‘lmas kuch holatlari sirasiga kiritilgan boshqa har qanday holatlar ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lsa, bunday buzilish uchun javobgarlikdan ozod qilinadi.
6. Boshqa shartlar
6.1. Servis foydalanuvchilarining Servis taqdim etilishi yuzasidan barcha e’tirozlari, istaklari va boshqa xabarlari team@emaktab.uz elektron pochta manziliga yuborilishi kerak.
6.2. Mazkur Shartnoma bilan bog‘liq har qanday nizolar yuzaga kelgan taqdirda, tomonlar elektron yozishmalarga maqbul dalil sifatida tayanishga haqlidir.
6.3. Servis foydalanuvchilarining barcha e’tirozlari olingan kundan boshlab 20 (yigirma) ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Servis operatori e’tiroz kelib tushgan manzilga elektron xat yuborgan holda Servis foydalanuvchisiga tegishli tartibda javob bergan hisoblanadi.
6.4. Agar Shartnoma shartlaridan birortasi haqiqiy emas yoki noqonuniy deb topilsa yoxud O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq kuchga kira olmasa, bu holat Shartnomaning umuman haqiqiy emasligiga olib kelmaydi.
6.5. Shartnomaning amaldagi tahriri https://help.emaktab.uz/hc/ru/articles/14222341984412 saytidagi “Hujjatlar” bo‘limida joylashtirilgan. Tizim operatori ko‘rsatilgan saytda o‘zgartirishlarni e’lon qilish orqali Shartnomaga bir tomonlama tartibda o‘zgartirishlar kiritishga haqli. Agar o‘zgartirishlar e’lon qilinayotganda ularning kuchga kirishi uchun boshqa muddat qo‘shimcha belgilanmagan bo‘lsa, o‘zgartirishlar e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Servis foydalanuvchisi ko‘rsatilgan saytda joylashgan Shartnoma matnidagi o‘zgarishlarni mustaqil ravishda kuzatib boradi.
6.6. Agar nizolar muzokaralar yo‘li bilan hal etilmasa, ular O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan tartibda sudda hal etilishi lozim.
6.7. Tomonlarning mazkur Shartnoma va Foydalanuvchi kelishuvi bilan tartibga solinmagan munosabatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo‘llaniladi.
Sharhlar
0 shathlar
sharhsiz qoldirish uchu tizimga kirish