Mazkur Kelishuv https://help.emaktab.uz/hc/ru/articles/14222341984412 saytida joylangan Foydalanuvchi kelishuvining ajralmas qismi bo‘lib, Tizim doirasida “O‘quv ssenariylari sun’iy intellekt generatori” pullik xizmatini xarid qilish va undan foydalanish usullarini hamda umumiy tartibini belgilaydi.
1. Atamalar
1.1. Tizim (“eMaktab”) – O‘zbekiston Respublikasi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun mo‘ljallangan, elektron hujjat aylanishi imkoniyatlarini hamda ta’lim jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi ijtimoiy tarmoq orqali o‘zaro aloqa vositalarini o‘zida mujassam etgan “eMaktab” yopiq axborot tizimi.
1.2. Tizim operatori — O‘zbekiston, Toshkent sh., Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasi, 42/1-uy manzilida joylashgan “Kundalik” mas’uliyati cheklangan jamiyati.
1.3. “O‘quv ssenariylari sun’iy intellekt generatori” servisi — Servis foydalanuvchisi tomonidan ko‘rsatilgan generatsiya parametrlariga asosan darsning maqsadlari, dars o‘tish uchun materiallar va uy vazifasini o‘z ichiga olgan o‘quv ssenariysini yaratishga mo‘ljallangan qo‘shimcha pullik servis (xizmatlar).
1.4. Servis foydalanuvchisi — “Xodim” profiliga ega bo‘lgan Tizim foydalanuvchisi.
1.5. Generatsiya parametrlari — dars o‘tish uchun o‘quv ssenariylarini yaratish uchun zarur bo‘lgan, Servis foydalanuvchisi tomonidan Tizimning funksional imkoniyatlari doirasida taqdim etiladigan ma’lumotlar.
1.6. O‘quv ssenariylari va dars o‘tish uchun topshiriqlar generatsiyalarining amal qilish muddati — Tizim foydalanuvchisi mavjud generatsiyalardan foydalanishi mumkin bo‘lgan davr. Ushbu davr Servis foydalanuvchisi tomonidan generatsiyalar sotib olingan kundan boshlab 1 (bir) oyni tashkil etadi.
1.7. To‘lov servisi — Tizim operatori tomonidan to‘lovlarni tashkil qilish uchun foydalaniladigan, Servis foydalanuvchilaridan to‘lovlarni qabul qiluvchi to‘lov agenti tomonidan taqdim etiladigan servis yoxud Tizim operatorining ixtiyoriga ko‘ra boshqa bir To‘lov servisi.
2. Umumiy qoidalar
2.1. “AI generator” Servisini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi mazkur Kelishuv Tizim operatori va ushbu Servisga buyurtma bergan Servis foydalanuvchisi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq ommaviy oferta hisoblanadi. Servis interfeysidagi “To‘lash” tugmasini bosish orqali Servisga buyurtma berar ekan, Foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga binoan mazkur Kelishuv shartlarini to‘liq hajmda qabul qiladi (ofertani akseptlaydi). Mazkur hujjatga rozi bo‘lmagan taqdirda, Servis foydalanuvchisi Servisdan foydalanishni boshlamaslik yoki bunday foydalanishni to‘xtatish majburiyatini oladi.
3. “O‘quv ssenariylarining SI generatori” servisiga buyurtma berish va haq to‘lash
3.1. Buyurtmani rasmiylashtirishdan oldin Foydalanuvchiga (Servis tomonidan belgilangan shartlarga qarab) bir yoki bir nechta o‘quv materialini bepul generatsiya qilish imkoniyati beriladi. “O‘quv ssenariylarining AI generatori” servisidan keyingi foydalanish, jumladan navbatdagi generatsiyalar pullik asosda amalga oshiriladi.
3.2. Servis uchun to‘lov Servis foydalanuvchisi tomonidan To‘lov servisidan foydalangan holda amalga oshiriladi.
3.3. To‘lovni amalga oshirishda Foydalanuvchi To‘lov servisining to‘lov tartibi va usullari bo‘yicha yo‘riqnomalariga amal qilishi shart.
3.4. Pul mablag‘larini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlarni, shu jumladan banklar va To‘lov servisining komissiyalarini Foydalanuvchi mustaqil ravishda va o‘z hisobidan qoplaydi.
3.5. Banklar va To‘lov servisi tomonidan pul mablag‘lari o‘tkazilganini tasdiqlash uchun beriladigan kassa cheklari va boshqa hujjatlar Foydalanuvchining to‘lovni amalga oshirganligini tasdiqlaydi.
3.6. Foydalanuvchi pul mablag‘larini mustaqil ravishda va o‘z nomidan kiritadi.
4. Shartnomani bajarishdan voz kechish
4.1. Servis Foydalanuvchisi Tizim Operatorining amalda qilgan xarajatlarini to‘lash sharti bilan tuzilgan Shartnomani (haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini) bajarishdan voz kechish huquqiga ega.
4.2. Servis Foydalanuvchisining tuzilgan haq evaziga xizmat ko‘rsatish shartnomasini (buyurtma qilingan va haqi to‘langan Servisni) bajarishdan voz kechishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi: Servis Foydalanuvchisi Tizimning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga team@emaktab.uz elektron pochta manzili orqali Shartnomadan voz kechish to‘g‘risidagi ariza bilan murojaat qiladi. Tizim Operatori Foydalanuvchining shaxsini tekshirish uchun unga Servisga buyurtma berish va uning to‘lovi yuzasidan savollar berishga haqli.
4.3. Servis Foydalanuvchisi Shartnomani bajarishdan voz kechgan taqdirda, voz kechish paytigacha ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun pul mablag‘lari Servis Foydalanuvchisining voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomasini olgan paytdan boshlab 30 (o‘ttiz) ish kuni ichida, bank va to‘lov tizimiga qarab, to‘lov amalga oshirilgan karta yoki hisobvaraqqa Servis Operatori tomonidan qaytariladi.
5. Javobgarlik
5.1. Tizim Operatori bilan ushbu Shartnomani tuzish orqali Servis Foydalanuvchisi Servis ishining natijasi algoritmlar va Foydalanuvchi taqdim etgan Generatsiya parametrlari asosida avtomatik tarzda yaratilishini anglaydi. Tizim Operatori yaratilgan o‘quv ssenariylarining sifati, mazmuni, pedagogik va metodologik jihatdan puxtaligi uchun javobgar emas, biroq Servisning texnik jihatdan ishlash imkoniyatini ta’minlash va generatsiya natijasini Foydalanuvchiga topshirish majburiyatini oladi. Yaratilgan o‘quv ssenariylari yordamchi vosita hisoblanadi va o‘qituvchining kasbiy-metodik tayyorgarligi o‘rnini bosa olmaydi.
5.2. Foydalanuvchi o‘zi tanlagan to‘lov usullaridan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzmagan holda foydalanish huquqiga ega ekanligini kafolatlaydi. Tizim Operatori Foydalanuvchining o‘ziga tegishli bo‘lmagan to‘lov vositalaridan foydalanishi natijasida uchinchi shaxslarga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi. Foydalanuvchi tomonidan noqonuniy harakatlar sodir etilganiga shubha tug‘ilgan taqdirda, Tizim Operatori holatga oydinlik kiritilguniga qadar Servis ko‘rsatishni bir tomonlama tartibda to‘xtatib turish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
5.3. Tizim Operatori Foydalanuvchi tomonidan Servis uchun to‘lov shartlarining to‘g‘ri bajarilishi, shu jumladan Tizim Operatoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar sababli yuzaga kelgan har qanday moliyaviy yo‘qotishlar uchun javobgar emas.
5.4. Tizim Operatori o‘z nazorati doirasidan tashqaridagi holatlar, jumladan, aloqa liniyalarining uzilishi, uskunalarning nosozligi va shu kabilar tufayli Servis ko‘rsatish imkoni bo‘lmagani uchun javobgar bo‘lmaydi. Agar Shartnoma shartlarining buzilishi yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari, xususan: davlat hokimiyati organlarining harakatlari, yong‘in, suv toshqini, zilzila, boshqa tabiiy ofatlar, elektr energiyasining yo‘qligi va (yoki) kompyuter tarmog‘i ishida uzilishlar, ish tashlashlar, fuqarolik tartibsizliklari, g‘alayonlar, qonunchilikda yengib bo‘lmas kuch holatlariga kiritilgan har qanday boshqa holatlar ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lsa, Tizim Operatori bunday buzilish uchun javobgarlikdan ozod etiladi.
6. Boshqa shartlar
6.1. Servis Foydalanuvchilarining Servisni taqdim etish bo‘yicha barcha da’volari, tilaklari va boshqa xat-xabarlari team@emaktab.uz elektron pochta manziliga yuborilishi lozim.
6.2. Ushbu Kelishuv bilan bog‘liq har qanday nizo yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar elektron yozishmalarga maqbul dalil sifatida tayanishga haqlidir.
6.3. Servis Foydalanuvchilarining barcha da’volari ular olingan kundan boshlab 20 (yigirma) ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Servis Operatori da’vo kelib tushgan manzilga elektron xat yuborganida Servis Foydalanuvchisiga tegishli tartibda javob bergan hisoblanadi.
6.4. Agar Kelishuvning biror-bir sharti haqiqiy emas yoki noqonuniy deb topilsa yoxud O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq kuchga kira olmasa, bu holat Kelishuvning umuman haqiqiy emasligini anglatmaydi.
6.5. Kelishuvning amaldagi tahriri https://help.emaktab.uz/hc/ru/articles/14222341984412 saytidagi “Hujjatlar” bo‘limida joylashtirilgan. Tizim Operatori ko‘rsatilgan saytda o‘zgartirishlarni e’lon qilish orqali Kelishuvga bir tomonlama tartibda o‘zgartirishlar kiritishga haqli. Agar o‘zgartirishlar e’lon qilinayotganda ularning kuchga kirishining boshqa muddati qo‘shimcha ravishda belgilanmagan bo‘lsa, o‘zgartirishlar e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Servis Foydalanuvchisi ko‘rsatilgan saytda joylashgan Kelishuv matnidagi o‘zgarishlarni mustaqil ravishda kuzatib boradi.
6.6. Agar nizolar muzokaralar yo‘li bilan hal etilmasa, ular O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan tartibda sudda hal etilishi lozim.
6.7. Tomonlarning ushbu Kelishuv va Foydalanuvchi kelishuvi bilan tartibga solinmagan munosabatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo‘llaniladi.
Sharhlar
0 shathlar
sharhsiz qoldirish uchu tizimga kirish