“KUNDALIK” mas’uliyati cheklangan jamiyatining ushbu ommaviy ofertasi (keyingi o‘rinlarda – “Oferta”) eMaktab tizimida ro‘yxatdan o‘tgan va Foydalanuvchi kelishuvi shartlariga rozi bo‘lgan jismoniy shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 367–369-moddalariga muvofiq, ushbu Ofertada bayon etilgan shartlar asosida “eMaktab × Bellissimo Pizza” tanlovida ishtirok etish uchun rasmiy taklif hisoblanadi.
Tanlov lotereya, rag‘batlantiruvchi lotereya, qimor yoki tavakkalchilikka asoslangan boshqa turdagi o‘yin hisoblanmaydi hamda lotereyalar va qimor o‘yinlari to‘g‘risidagi qonunchilik bilan tartibga solinmaydi. Tanlovda ishtirok etish to‘lov qilishni, chipta sotib olishni yoki Foydalanuvchilar uchun mulkiy yo‘qotishlar xavfini tug‘diradigan boshqa harakatlarni amalga oshirishni talab etmaydi.
1. Asosiy atamalar
1.1. Ushbu Oferta maqsadlari uchun quyida keltirilgan atamalar ko‘rsatilgan ma’nolarda qo‘llaniladi va Oferta matnining ajralmas qismi hisoblanadi:
1.1.1. “eMaktab” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (eMaktab) — “Kundalik” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqilgan, ta’lim jarayoni ishtirokchilari o‘rtasida elektron hujjat aylanmasi imkoniyatlari va ijtimoiy tarmoq orqali o‘zaro hamkorlik vositalarini birlashtirgan, O‘zbekiston Respublikasi o‘rta ta’lim muassasalari uchun mo‘ljallangan yopiq axborot tizimi.
1.1.2. Tashkilotchi — O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasi, 42/1-uy manzilida joylashgan “KUNDALIK” mas’uliyati cheklangan jamiyati. Manzil o‘zgargan taqdirda, Tashkilotchi ushbu Kelishuvga va (yoki) uning Ilovalariga o‘zgartirish kiritish orqali Foydalanuvchini xabardor qiladi.
1.1.3. Foydalanuvchi — eMaktab tizimida login va parol orqali Profilni ro‘yxatdan o‘tkazgan hamda ushbu Kelishuv va Foydalanuvchi kelishuvi shartlariga rozilik bildirgan jismoniy shaxs: i) o‘z nomidan; ii) ota-onasining (qonuniy vakilining) roziligi bilan o‘z nomidan; iii) voyaga yetmagan shaxs manfaatlarini ko‘zlab ota-onasi va (yoki) qonuniy vakili tomonidan.
1.1.4. Foydalanuvchi kelishuvi — https://help.emaktab.uz/hc/ru/articles/14222341984412 manzilida joylangan Foydalanuvchi kelishuvi va uning Ilovalari matni.
1.1.5. Profil — Foydalanuvchi haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan va unga eMaktab servislaridan avtorizatsiyadan o‘tgan holda foydalanish huquqlarini beruvchi shaxsiy akkaunt.
1.1.6. Tanlov lendingi — tanlov tavsifini o‘z ichiga olgan, emaktab.uz/ad/promo/…. manzilida (yoki Tashkilotchi tomonidan ko‘rsatilgan boshqa URL-manzilda) joylangan veb-sahifa.
1.1.7. Oferta — https://help.emaktab.uz/hc/uz/articles/26827265077788 manzilida joylangan, amaldagi tahrirdagi mazkur hujjat.
1.1.8. Hamkor — “BELLISSIMO PIZZA INTERNATIONAL” MChJ.
1.2. Oferta mazmunidan boshqacha ma’no kelib chiqmasa, birlikda qo‘llanilgan barcha atamalar ko‘plikda ham, ko‘plikda qo‘llanilgan atamalar esa birlikda ham qo‘llaniladi.
2. Oferta predmeti, tomonlar va aksept
2.1. Oferta predmeti. eMaktab tizimida onlayn-darslardan o‘tish va topshiriqlarni bajarish orqali Tanlovda ishtirok etayotgan barcha o‘quvchilar orasidan g‘oliblar aniqlanadi va ularga Hamkor tomonidan sovg‘alar taqdim etiladi. Tashkilotchi va Hamkor o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan, jumladan, texnik nosozliklar, ulanishda xatoliklar yoki ma’lumotlarning noto‘g‘ri kiritilishi kabi sabablarga ko‘ra Foydalanuvchining Tanlovda ishtirok eta olmagani uchun javobgar bo‘lmaydi.
2.2. Tanlovda O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim muassasalarining eMaktab tizimida Foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan o‘quvchilari ishtirok etishi mumkin.
2.3. Kirish. Tanlovda ishtirok etish faqat eMaktab tizimiga shaxsiy login va parol orqali kirgandan so‘ng amalga oshiriladi. Muqobil kirish usullari nazarda tutilmagan.
2.4. Oferta aksepti Foydalanuvchi tomonidan Tanlov lendingida joylangan va eMaktab tizimiga eltuvchi darslarda ishtirok etishni boshlash uchun “Boshlash” tugmasini bosish orqali amalga oshiriladi. Aksept qilish bilan Foydalanuvchi ushbu Oferta shartlariga, shuningdek, Tanlovda ishtirok etish maqsadida o‘zining shaxsiy ma’lumotlariga ishlov berilishiga roziligini tasdiqlaydi. Oferta u aksept qilingan paytdan e’tiboran Foydalanuvchi uchun kuchga kiradi.
2.5. Ushbu Ofertaning boshqa tillardagi talqinlari o‘rtasida nomuvofiqlik yuzaga kelgan taqdirda, rus tilidagi matn ustuvor sanaladi.
3. Muddatlar va hudud
3.1. O‘tkazish muddatlari. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi vaqti (UTC+5) bilan 2026-yil 20-aprel soat 00:00 dan 2026-yil 25-may soat 23:59 ga qadar o‘tkaziladi. Ushbu Ofertadagi barcha muddatlar UTC+5 vaqt mintaqasiga muvofiq ko‘rsatilgan. Oferta aksepti, darslarda ishtirok etish, javoblarni yuklash va boshqa protsessual harakatlar faqat yuqorida ko‘rsatilgan vaqt oralig‘ida bajarilgan taqdirdagina amalga oshirilgan hisoblanadi. Tashkilotchi ayrim bosqichlar yoki topshiriqlar uchun alohida muddatlar (dedlaynlar) belgilashi mumkin; bunday muddatlar Tanlov lendingida va eMaktab tizimida e’lon qilinadi hamda muayyan bosqich uchun ustuvor kuchga ega bo‘ladi.
3.2. O‘tkazish hududi. Tanlovda 14 ta hudud: O‘zbekiston Respublikasining o‘n ikki viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida yashovchi hamda eMaktab tizimida ro‘yxatdan o‘tgan Foydalanuvchilar ishtirok etishi mumkin. Hududlar qo‘shilgan (yoki chiqarib tashlangan) taqdirda, Tashkilotchi bu haqda Tanlov lendingi va/yoki eMaktab tizimida tegishli bildirishnoma e’lon qiladi; agar Tashkilotchi tomonidan boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, bunday o‘zgartirish kuchga kirguncha o‘tgan davr uchun sovrinlarni talab qilish huquqini bermaydi.
3.3. Ishtirok etishning bepulligi — to‘lovning yo‘qligi. Tanlovda ishtirok etish bepul. Ishtirok etish, Ofertani akseptlash, topshiriqlarni bajarish va sovrinlarni topshirish uchun to‘lov undirilmaydi. Biron-bir tovar yoki xizmatlarni sotib olish talab qilinmaydi hamda bu ishtirok etish huquqiga va sovrin yutib olish imkoniyatiga ta’sir qilmaydi. Sovrinni olish qo‘shimcha xarajat talab qilgan hollarda, agar Tashkilotchi tomonidan e’lon qilingan Tanlovning qo‘shimcha qoidalarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, bunday xarajatlar tanlovda g‘olib bo‘lgan ishtirokchi (keyingi o‘rinlarda “G‘olib” deb yuritiladi) zimmasiga yuklanadi.
3.4. O‘tkaziladigan platforma. Tanlov eMaktab funksionali yordamida va/yoki Tanlov lendingida joylashtirilgan darslar orqali, eMaktab’da avtorizatsiyadan o‘tgan holda o‘tkaziladi. Ishtirok etish uchun kirish faqat Foydalanuvchining eMaktab’dagi shaxsiy logini va paroli orqali amalga oshiriladi. Tashkilotchi Tanlov muddati davomida platformaning ishlashini ta’minlash uchun oqilona choralarni ko‘radi, biroq Internet tarmog‘i, tashqi servislar yoki Foydalanuvchi qurilmalarining faoliyatidagi vaqtincha uzilishlar uchun javobgar bo‘lmaydi. Tanlovni to‘g‘ri o‘tkazishga imkon bermaydigan jiddiy texnik nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda, Tashkilotchi ishtirokchilarni Lending va/yoki eMaktab orqali majburiy xabardor qilgan holda (a) muddatlarni uzaytirish, (b) bosqichlarni qaytadan belgilash yoki (v) tanlovni to‘liq yoxud qisman bekor qilish huquqiga ega.
3.5. Ro‘yxatdan o‘tish va yakuniy kirish huquqi. Ishtirok etish uchun Foydalanuvchi Tanlov boshlanguniga qadar yoki Tashkilotchi tomonidan e’lon qilingan alohida soʻnggi muddatga qadar eMaktab’da ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi shart. Tanlov boshlanganidan keyin ro‘yxatdan o‘tishga, faqat bu holat tashkiliy materiallarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan taqdirdagina yo‘l qo‘yiladi. Agarda shaxsiy akkaunt qoidalarni buzgan holda yaratilgan, noto‘g‘ri ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan yoxud bir necha marta ro‘yxatdan o‘tish uchun foydalanilgan bo‘lsa, Tashkilotchi Foydalanuvchining ishtirokini inobatga olmaslikka haqli.
3.6. Shaxsni tasdiqlash va sovrinlarni olish. G‘oliblar Tashkilotchi yoki Hamkorning so‘roviga ko‘ra oqilona muddatda o‘z shaxsini, ta’lim muassasasini va/yoki sovrinni olish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni (jumladan, voyaga yetmaganlar uchun ota-ona/qonuniy vakilning roziligini) taqdim etishlari shart. Agar g‘olib so‘ralgan hujjatlarni taqdim etmasa yoki sovrinni Tashkilotchi tomonidan belgilangan muddatlarda (Lendingda yoki alohida bildirishnomada ko‘rsatilgan) qabul qilib olmasa, sovrin qabul qilinmagan hisoblanadi va Tashkilotchi uni o‘z xohishiga ko‘ra tasarruf etish (jumladan, zaxiradagi g‘olibni tayinlash) huquqiga ega bo‘ladi.
4. O‘tkazish tartibi, natijalarni aniqlash va shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish
4.1. Ishtirok etish tartibi. Foydalanuvchi Tanlovda belgilangan davr mobaynida eMaktab tizimida onlayn darslarni o‘tish va topshiriqlarni bajarish orqali ishtirok etadi. Har bir darsga eMaktab tizimi tomonidan avtomatik tarzda hisoblanadigan muayyan miqdordagi ballar beriladi. To‘g‘ri ishtirok etish uchun Foydalanuvchi shaxsiy login va parolidan foydalanishi shart; boshqa shaxs nomidan topshiriqlarni bajarish taqiqlanadi.
4.2. G‘oliblarni aniqlash. G‘oliblar O‘zbekiston Respublikasining o‘n to‘rtta hududining har birida eMaktab avtomatlashtirilgan ma’lumotlari asosida aniqlanadi:
asosiy mezon — barcha 7 ta dars bo‘yicha birinchi urinishda to‘plangan ballarning eng yuqori umumiy yig‘indisidir;
umumiy ballar soni teng bo‘lgan taqdirda, topshiriqlarni bajarishga kamroq umumiy vaqt sarflagan ishtirokchi ustunlikka ega bo‘ladi;
ushbu ko‘rsatkichlar teng bo‘lgan taqdirda, Tashkilotchi qo‘shimcha tanlov mezonlarini, jumladan, alohida topshiriqlarni bajarish sifati, eMaktab tizimidagi faollik yoki nazorat testlari natijalarini (lekin ular bilan cheklanmagan holda) qo‘llash huquqiga ega;
Tashkilotchining g‘oliblarni tan olish to‘g‘risidagi qarori qat’iy hisoblanadi va shikoyat qilinishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
4.3. Epizodlar bo‘yicha natijalarni hisobga olishning kuchga kirish jadvali. Epizodlar bo‘yicha o‘tish natijalarini hisobga olish va ballar hisoblash quyidagi jadvalga muvofiq amalga oshiriladi (O‘zbekiston Respublikasi vaqti, UTC+5 ko‘rsatilgan):
1- va 2-darslar bo‘yicha: 27-aprel soat 09:00 dan.
3- va 4-darslar bo‘yicha: 4-may soat 09:00 dan.
5- va 6-darslar bo‘yicha: 11-may soat 09:00 dan.
7- va 8-darslar bo‘yicha: 18-may soat 09:00 dan.
4.4. Ballarni hisoblash tartibi. Tegishli darslarni o‘tish va ballarni hisoblash faqat ushbu Tartibning 4.3-bandida tegishli epizodlar bloki uchun ko‘rsatilgan vaqt kirgandan soʻng amalga oshirilgan taqdirdagina haqiqiy deb tan olinadi va hisobga olinadi.
Ishtirokchi tomonidan ko‘rsatilgan vaqt kirgunga qadar olingan natijalar hisoblanmaydi va yakunlarni sarhisob qilishda inobatga olinmaydi.
Mukofotlar ro‘yxati, miqdori va qiymati Hamkor tomonidan belgilanadi hamda Tanlovning tegishli sahifalarida e’lon qilinadi.
4.5. Sovrinlar. Sovrinlarning ro‘yxati, soni va qiymati Hamkor tomonidan belgilanadi hamda Tanlovning tegishli lending sahifalarida
- 1-4-sinf o‘quvchilari uchun: https://emaktab.uz/ad/promo/bellissimo_main_elementary_uz
- 5-11-sinf o‘quvchilari uchun:
- https://emaktab.uz/ad/promo/bellissimo_main_high_uz
- 1-11-sinf o‘quvchilarining ota-onalari uchun: https://emaktab.uz/ad/promo/bellissimo_parents_uz
manzilda e’lon qilinadi. Sovrinlar haqidagi axborot ma’lumot uchun berilgan bo‘lib, Hamkor tomonidan oldindan ogohlantirishsiz o‘zgartirilishi mumkin. Sovrinlarni topshirish Hamkor tomonidan belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshiriladi. Tashkilotchi Hamkor tomonidan taqdim etiladigan sovrinlarning berilishi, sifati, butligi, topshirish muddatlari yoki ulardan foydalanish uchun javobgar bo‘lmaydi.
4.6. Ishtirokchilar maqomini tekshirish. Ishtirokchining maqomini qo‘shimcha tekshirish (verifikatsiya) o‘tkazilmaydi. Ishtirok etish va sovrin olish huquqini aniqlash uchun eMaktab’dagi ma’lumotlardan, jumladan, ta’lim muassasalari taqdim etgan ma’lumotlardan foydalaniladi. Tashkilotchi Tanlov shartlariga muvofiqligini tasdiqlash uchun g‘olibdan tasdiqlovchi hujjatlarni (tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, shaxsni tasdiqlovchi hujjat, maktabdan ma’lumotnoma va b.) talab qilish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
4.7. Natijalarni e’lon qilish va kommunikatsiya. Tashkilotchi g‘oliblar ism va familiyasining bosh harflarini e’lon qiladi. Hamkor g‘oliblar bilan faqat ularning maqomini tasdiqlash va taqdirlash tartibini kelishib olish uchun bog‘lanadi. G‘oliblar qatoriga kirmagan ishtirokchilarga alohida xabarnomalar yuborilmaydi. Ishtirok etish faktining o‘zi g‘alabani kafolatlamaydi va Foydalanuvchiga sovrin olish huquqini bermaydi.
4.8. Shaxsga doir ma’lumotlar. Ushbu Ofertani akseptlash orqali Foydalanuvchi (agar u voyaga yetmagan bo‘lsa, uning ota-onasi yoki qonuniy vakili) quyidagilarga o‘z roziligini bildiradi:
o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga, jumladan, familiyasi, ismi, hududi, maktabi va aloqa ma’lumotlariga faqat Tanlovni tashkil etish va o‘tkazish maqsadida ishlov berilishiga, ularning saqlanishiga va ulardan foydalanishga;
Tashkilotchi va Hamkorning axborot materiallarida ismining, hududining va ta’lim muassasasining e’lon qilinishiga;
cheklangan ma’lumotlarning faqat sovrinlarni topshirish maqsadida Hamkorga berilishi mumkinligiga. Shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish O‘zbekiston Respublikasining shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligiga muvofiq amalga oshiriladi. Tanlov yakunlangandan so‘ng ma’lumotlar eMaktab’da arxiv maqsadlarida saqlanishi mumkin, biroq Foydalanuvchining alohida roziligisiz reklama tarqatmalari uchun foydalanilmaydi.
5. Tomonlarning javobgarligi
5.1. Tashkilotchi Tanlovda ishtirok etish doirasida g‘olib bo‘lishni, mukofotlar olishni, shuningdek, muayyan o‘quv, akademik yoki boshqa natijalarga erishishni kafolatlamaydi.
5.2. Darslar, topshiriqlar va testlardan o‘tish natijalari eMaktab tizimida qayd etiladi va saqlanadi. Ishtirokchilar va Tashkilotchi o‘rtasida kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda, ishtirok etish faktlari va to‘plangan ballarning ustuvor hamda yakuniy dalili sifatida eMaktab loglarida qayd etilgan ma’lumotlar hisoblanadi.
5.3. Tashkilotchining javobgarligi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan talablar bilan cheklanadi. Mazkur Oferta doirasiga kirmaydigan yoki eMaktab tizimi ma’lumotlari bilan tasdiqlanmagan da’volar qondirilmaydi.
6. Tanlovni tugatish va unga o‘zgartirish kiritish
6.1. Tashkilotchi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan texnik, tashkiliy, huquqiy yoki boshqa sabablarga ko‘ra, eMaktab’da va/yoki Tanlovning lending sahifasida tegishli xabarnomani e’lon qilish orqali Tanlovni istalgan vaqtda muddatidan oldin to‘liq yoki qisman tugatish yoxud bekor qilish huquqiga ega.
6.2. Tanlov muddatidan oldin tugatilgan taqdirda, Tashkilotchi ishtirokchilar tomonidan bildirilgan har qanday da’volar, jumladan, yo‘qotilgan foyda, ko‘rilgan zarar yoki mukofot olish umidi uchun javobgar bo‘lmaydi.
6.3. Tashkilotchi mazkur Oferta shartlarini, shuningdek, Tanlov tavsifini, jumladan uning muddatlari, mexanikasi, g‘oliblarni aniqlash mezonlari, mukofotlarni topshirish tartibi va boshqa qoidalarini yangi tahrirda https://help.emaktab.uz/hc/uz/articles/26827265077788-manzilda hamda Tanlovning tegishli lending sahifalarida:
- 1-4-sinf o‘quvchilari uchun: https://emaktab.uz/ad/promo/bellissimo_main_elementary_uz
- 5-11-sinf o‘quvchilari uchun:
- https://emaktab.uz/ad/promo/bellissimo_main_high_uz
- 1-11-sinf o‘quvchilarining ota-onalari uchun: https://emaktab.uz/ad/promo/bellissimo_parents_uz
e’lon qilish orqali o‘zgartirishga haqli.
6.4. O‘zgartirishlar, agar xabarnomada boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. O‘zgartirishlar e’lon qilinganidan so‘ng Foydalanuvchining Tanlovda ishtirok etishni davom ettirishi uning shartlarning yangi tahririga to‘liq va so‘zsiz rozi ekanligini anglatadi.
7. Qo‘llaniladigan huquq va nizolar
7.1. Tomonlarning oʻzaro munosabatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi qo‘llaniladi.
7.2. Tanlov, uning shartlari yoki ijrosi bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan barcha nizolar, kelishmovchiliklar yoki talablar muzokaralar yo‘li bilan hal etiladi. Agar oʻzaro kelishuvga erishilmasa, nizolar sudlovga tegishlilik qoidalari hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Toshkent shahar sudlarida ko‘rib chiqiladi.
8. Yakuniy qoidalar
8.1. Ushbu Ofertaning biror-bir qoidasi haqiqiy emas yoki yuridik kuchga ega emas deb topilishi uning to‘liq kuchda qoladigan boshqa qoidalarining haqiqiyligi va qo‘llanilish darajasiga ta’sir koʻrsatmaydi.
8.2. Ofertaga ilovalarning yoʻqligi uning mazmuni va Tanlov shartlaridan kelib chiqadigan Tomonlarning huquq va majburiyatlarini cheklamaydi.
8.3. Mazkur Oferta Tashkilotchi va Oferta akseptini amalga oshirgan Foydalanuvchi o‘rtasida Tanlovda ishtirok etish boʻyicha to‘liq kelishuvni ifodalaydi hamda ushbu masalaga doir har qanday boshqa bitimlar, shartlar yoki bayonotlarning o‘rnini bosadi.
Sharhlar
0 shathlar
sharhsiz qoldirish uchu tizimga kirish