Mazkur Kelishuv Tizim doirasida “SI-yordamchi” pulli xizmatini sotib olish va undan foydalanish usullarini va umumiy tartibini belgilab beradi hamda https://help.emaktab.uz/hc/ru/articles/14222341984412 saytidagi “Hujjatlar” bo‘limida joylangan Foydalanuvchi kelishuvining ajralmas qismi sanaladi.
1. Atamalar
1.1. Tizim (“eMaktab”) — O‘zbekiston Respublikasining o‘rta ta’lim muassasalari uchun mo‘ljallangan, elektron hujjat aylanmasi imkoniyatlari va ta’lim jarayoni ishtirokchilari o‘rtasidagi ijtimoiy muloqot vositalarini o‘zida jamlagan “eMaktab” yopiq axborot tizimi.
1.2. Tizim operatori — O‘zbekiston, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Bunyodkor shohko‘chasi, 42/1 manzilida joylashgan “Kundalik” mas’uliyati cheklangan jamiyati.
1.3. “SI-yordamchi” servisi — Servis foydalanuvchilariga Ta’limga oid so‘rovlar bo‘yicha yordam berishga mo‘ljallangan qo‘shimcha pullik servis (xizmat).
1.4. Servis foydalanuvchisi — Tizimda login va parol orqali Profilni ro‘yxatdan o‘tkazgan hamda Foydalanuvchi kelishuvi shartlariga i) o‘z nomidan, ii) ota-onasi/qonuniy vakilining roziligi bilan o‘z nomidan yoki iii) voyaga yetmagan shaxsning manfaatlarini ko‘zlab ota-onasi va/yoki qonuniy vakili tomonidan rozilik bildirgan jismoniy shaxs, Tizim foydalanuvchisi.
1.5. Ta’limga oid so‘rovlar — quyidagilar bilan bog‘liq so‘rovlar:
uyga vazifani bajarish;
imtihonlarga tayyorlanish;
maktab mavzularini o‘rganish;
topshiriqlarni tekshirish;
ta’limga oid boshqa so‘rovlar.
1.6. To‘lov servisi — Tizim operatori tomonidan to‘lovlarni tashkillashtirish uchun foydalaniladigan, Servis foydalanuvchilaridan to‘lovlarni qabul qiluvchi “Click” MChJ tomonidan taqdim etiladigan servis yoki Tizim operatorining ixtiyoriga ko‘ra boshqa To‘lov servisi.
2. Umumiy qoidalar
2.1. “SI-yordamchi” servisini taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi mazkur Kelishuv Tizim operatori va ushbu Servisga buyurtma bergan Servis foydalanuvchisi o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 369-moddasiga muvofiq ommaviy oferta sanaladi. Servisdan kelgusida foydalanish uchun uning interfeysida obunani rasmiylashtirish orqali Foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 370-moddasiga binoan mazkur Kelishuv shartlarini to‘liq hajmda qabul qiladi (oferta aksepti). Mazkur hujjat shartlariga rozi bo‘lmagan taqdirda, Servis foydalanuvchisi Servisdan foydalanishni boshlamaslik yoki foydalanishni to‘xtatish majburiyatini zimmasiga oladi.
3. “SI-yordamchi” servisiga buyurtma berish va to‘lash
3.1. Buyurtmani rasmiylashtirishdan oldin Foydalanuvchiga bir nechta bepul so‘rovni amalga oshirish imkoniyati taqdim etiladi (Servis tomonidan belgilangan shartlarga binoan). “SI-yordamchi” servisidan keyinchalik foydalanish, jumladan, navbatdagi generatsiyalar, Foydalanuvchi obunani rasmiylashtirganidan so‘ng pullik asosda amalga oshiriladi.
3.2. Servis uchun to‘lovni Servis Foydalanuvchisi To‘lov servisi yordamida amalga oshiradi.
3.3. To‘lovni amalga oshirishda Foydalanuvchi To‘lov servisining to‘lov tartibi va usullari bo‘yicha ko‘rsatmalariga rioya qilishi shart.
3.4. Pul mablag‘larini o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xarajatlar, jumladan, bank va To‘lov servisining komissiyalarini Foydalanuvchi mustaqil ravishda o‘z hisobidan to‘laydi.
3.5. Foydalanuvchi to‘lovni amalga oshirganini tasdiqlash uchun pul mablag‘lari o‘tkazilganini tasdiqlovchi bank va To‘lov servisi tomonidan beriladigan kassa cheklari hamda boshqa hujjatlar asos bo‘ladi.
3.6. Foydalanuvchi pul mablag‘larini mustaqil ravishda va o‘z nomidan kiritadi.
4. Shartnomani bajarishdan voz kechish
4.1. Servis Foydalanuvchisi Tizim operatorining amaldagi xarajatlarini to‘lash sharti bilan tuzilgan Kelishuvni (haq evaziga xizmatlar ko‘rsatish shartnomasini) ijro etishdan voz kechish huquqiga ega.
4.2. Servis Foydalanuvchisining haq evaziga xizmatlar ko‘rsatish shartnomasini (buyurtma qilingan va to‘langan Servisni) ijro etishdan voz kechishi quyidagi tartibda amalga oshiriladi: Servis Foydalanuvchisi Kelishuvdan bosh tortish to‘g‘risidagi ariza bilan team@emaktab.uz elektron pochtasi orqali Tizimning qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiladi. Servis Foydalanuvchisining shaxsini tekshirish uchun Tizim operatori Servisga buyurtma berish va to‘lovlar toʻgʻrisida bir nechta savol berishga haqli.
4.3. Servis Foydalanuvchisi Kelishuvni bajarishdan voz kechgan taqdirda, ushbu paytida hali ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun pul mablag‘lari Servis Foydalanuvchisining voz kechish to‘g‘risidagi xabarnomani olgan paytdan boshlab 30 (o‘ttiz) ish kuni ichida, bank va to‘lov tizimiga muvofiq, to‘lov amalga oshirilgan karta/hisobvaraqqa Servis operatori tomonidan qaytariladi.
5. Tomonlarning javobgarligi
5.1. Servis foydalanuvchisi Tizim operatori bilan ushbu Kelishuvni tuzar ekan, Servisning ishlash natijasi algoritmlar va Servis foydalanuvchisi taqdim etgan ma’lumotlar asosida avtomatik tarzda yaratilishini tushunadi. Tizim operatori “SI-yordamchi” servisining sifati, mazmuni, aniqligi va javoblar sifati uchun javobgar emas, biroq Servisning texnik jihatdan ishlash imkoniyatini ta’minlash va Servis foydalanuvchisiga generatsiya natijasini taqdim etish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi.
5.2. Foydalanuvchi o‘zi tanlagan to‘lov usullaridan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligini buzmagan holda foydalanish huquqiga ega ekanligini kafolatlaydi. Tizim operatori Servis foydalanuvchisi tomonidan o‘ziga tegishli bo‘lmagan to‘lov vositalaridan foydalanishi natijasida uchinchi shaxslarga yetkaziladigan zarar uchun javobgar sanalmaydi. Agar Servis foydalanuvchisi tomonidan noqonuniy harakatlar sodir etilganiga shubha tug‘ilsa, Tizim operatori holatlarga aniqlik kiritilgunga qadar Servisni taqdim etishni bir tomonlama to‘xtatib turish huquqini o‘zida saqlab qoladi.
5.3. Tizim operatori Servis foydalanuvchisi tomonidan Servis uchun to‘lovni amalga oshirish shartlarining to‘g‘ri bajarilishi, jumladan, Tizim operatoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli yuzaga kelgan har qanday moliyaviy yo‘qotishlar uchun javobgar sanalmaydi.
5.4. Tizim operatori o‘z nazoratidan tashqaridagi holatlar, xususan, aloqa liniyalarining uzilishi, uskunalarning nosozligi va shu kabilar tufayli Servisni taqdim etish imkoniyati bo‘lmaganligi uchun javobgar bo‘lmaydi. Tizim operatori, agar Shartnoma shartlarining buzilishi yengib bo‘lmas kuch (fors-major) holatlari, jumladan: davlat hokimiyati idoralarining harakatlari, yong‘in, suv toshqini, zilzila, boshqa tabiiy ofatlar, elektr energiyasining yo‘qligi va (yoki) kompyuter tarmog‘idagi uzilishlar, ish tashlashlar, fuqarolik tartibsizliklari, ommaviy g‘alayonlar, qonunchilikda yengib bo‘lmas kuch holatlari sirasiga kiritilgan har qanday boshqa holatlar ta’sirida yuzaga kelgan bo‘lsa, bunday buzilish uchun javobgarlikdan ozod etiladi.
6. Shaxsiy ma’lumotlarga ishlov berish
6.1. Ushbu Kelishuvni qabul qilish orqali Foydalanuvchi (yoki uning ota-onasi/qonuniy vakili) Servisning funksional imkoniyatlaridan foydalanish huquqini berish, foydalanuvchi tajribasini yaxshilash va personallashtirish, shuningdek, mazkur Kelishuvda nazarda tutilgan majburiyatlarni bajarish maqsadida o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga Tizim tomonidan ishlov berilishiga so‘zsiz rozilik bildiradi.
6.2. Foydalanuvchi shaxsga doir ma’lumotlariga Tizim tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq ishlov berilishi to‘g‘risida xabardor qilingan.
6.3. Rozilik Servisdan butun foydalanish muddati davomida, Foydalanuvchi qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilish orqali uni bekor qilguniga qadar amal qiladi.
7. Boshqa qoidalar
7.1. Servis foydalanuvchilarining Servisni taqdim etish bo‘yicha barcha e’tirozlari, xohish-istaklari va boshqa xat-xabarlari team@emaktab.uz elektron pochta manziliga yuborilishi lozim.
7.2. Mazkur Kelishuv bilan bog‘liq har qanday nizolar yuzaga kelgan taqdirda, Tomonlar maqbul dalil sifatida elektron yozishmalarga havola qilishga haqli.
7.3. Servis foydalanuvchilarining barcha e’tirozlari qabul qilingan kundan e’tiboran 20 (yigirma) ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Servis operatori e’tiroz kelib tushgan manzilga elektron xat yuborgan taqdirda, Servis foydalanuvchisiga tegishli tartibda javob bergan sanaladi.
7.4. Agar Kelishuv shartlaridan birortasi haqiqiy emas yoki noqonuniy deb topilsa yoxud O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga muvofiq kuchga kira olmasa, mazkur holat butun Kelishuvning haqiqiy emas deb topilishiga sabab boʻlmaydi.
7.5. Kelishuvning amaldagi tahriri https://help.emaktab.uz/hc/ru/articles/14222341984412 saytidagi “Hujjatlar” bo‘limida joylangan. Tizim operatori ko‘rsatilgan saytda o‘zgartirishlarni e’lon qilish orqali Kelishuvga bir tomonlama tartibda o‘zgartirishlar kiritishga haqli. Agar o‘zgartirishlarni e’lon qilish vaqtida boshqa kuchga kirish muddati qo‘shimcha belgilanmagan bo‘lsa, ular e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi. Servis foydalanuvchisi ko‘rsatilgan saytda joylangan Kelishuv matnidagi o‘zgartirishlarni mustaqil ravishda kuzatib boradi.
7.6. Agar nizolarni muzokaralar yo‘li bilan hal etib boʻlmasa, O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligida belgilangan tartibda sudda hal qilinishi lozim.
7.7. Tomonlarning mazkur Kelishuv va Foydalanuvchi kelishuvi bilan tartibga solinmagan munosabatlariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi qo‘llaniladi.
Sharhlar
0 shathlar
sharhsiz qoldirish uchu tizimga kirish